Maqsadimiz – Maʼnaviyat festivalini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish

03.04.2021

     Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi yoshlar markazida “Maʼnaviyat festivali”ni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyat shahar-tumanlaridagi maʼnaviyat va maʼrifat bo‘linmalari hamda "Maʼrifat" targ‘ibotchilari uchun amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
     Mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan "Maʼnaviyat festivali" doirasidagi "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik" shiori ostida tashkil etilgan amaliy seminarini Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Iroda Muhammadazizova ochib berdi.
     Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Targ‘ibot ishlarini metodik taʼminlash bo‘limi boshlig‘i Bo‘ri Qodirov «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik», O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi Sotsiologiya-psixologiya kafedrasi mudiri, sotsiologiya fanlari doktori Munsur Bukmuratov «Yangi o‘yg‘onish davri — uchinchi Renessans» poydevorini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha maʼruza qildi.
     Shundan so‘ng "Maʼrifat" targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov festivalni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tegishli maʼlumotlarni berib o‘tdi. Аytish kerakki, bundan keyin ham hududlarga grafik-jadval asosida ishchi guruh borib o‘rganadi. Mazkur guruhlar tomonidan festival doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar, konferentsiyalar, davra suhbatlarini tashkil etish bilan bog‘liq ishlarga ko‘maklashishadi.
     Xabaringiz bor, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan “Maʼnaviyat festivali”ni o‘tkazish yoʼlga qo‘yilgan. 2019 yilda festival doirasida respublikamizning barcha hududlarida ish olib borildi. O‘ndan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi. 256 nafardan ortiq targ‘ibotchilar jalb etilib, 47 tumanda 54 ta tadbir o‘tkazildi va 23 900 aholi qamrab olindi. Shuningdek, 1850 nusxada badiiy, maʼrifiy asarlar taqdim etildi.Targ‘ibotchilar uchun 3 ta o‘quv seminari tashkil etilib, 200 nafar targ‘ibotchi 28 nafar hududiy bo‘lim rahbarlari, 14 nafar «Maʼrifat» targ‘ibotchilar jamiyati hududiy bo‘lim bosh mutaxassislari ishtirok etishdi.
     Shu bilan birga jamiyat tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. «Maʼrifatli kelajak» aktsiyasi doirasida respublika hududi bo‘yicha 139 tumanda 1217ta tadbir bo‘lib o‘tdi. Аktsiya doirasida o‘quvchilarga 21 279 ta badiiy kitoblar taqdim etildi. Yaqin Sharq qurolli hududlaridan 156 nafar hamyurtlarimizga insonparvarlik va bag‘rikenglik yordami ko‘rsatilib, «Mehr» insonparvarlik operatsiyasi orqali 107 nafar bolalar, 48 nafar ayollar bilan alohida psixologik suhbatlar o‘tkazildi. «Faol fuqaro» debat klubi va «Ziyolilar» blogerlar klubi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
     Mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida «Taqdirini qo‘l bilan yaratur inson» mavzusida jami 192 ta tadbir va maʼnaviyat soatlari bo‘lib, 9931 nafar ishtirokchi qamrab olindi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilayotgan har bir aksiya, maʼrifiy tadbirlarda yuzakilikdan voz kechilib, qalban yaqin bo‘lishga harakat qilinmoqda. Har bir hudud o‘rganilib, odamlar tabiati, o‘sha yerdagi ijtimoiy muammolaridan kelib chiqib, qaysi loyiha amalga oshirilishi belgilanmoqda. Аlbatta, bunda ziyolilar, olimlar, mutaxassislar ko‘magiga tayanildi.
     2020-yil butun dunyo uchun sinovli yil bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasi sabab ommaviy tadbirlar o‘tkazilmadi. Biroq aholi madaniyatini yanada oshiradigan turli madaniy-maʼrifiy loyihalar amalga oshirilishi to‘xtamadi, targ‘ibot ishlari olib borildi. Joriy yilda ham milliylik va zamonaviylik omuxtalangan «Maʼnaviyat festivali»ni o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Mamlakatimizning barcha maʼmuriy hududlarida reja asosida o‘tkazish rejalashtirildi. Shunga asosan joriy yilning 1-15 aprel kunlari respublikamizning barcha hududlarida «Maʼnaviyat festivali»ga tayyorgarlik ishlari olib boriladi.

     Bu galgi festival doirasida “Yangi O‘zbekiston - yangi renessans sari!”, “Maʼrifat ulashib”, “Yangi Uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi”, “Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy”, “Mening farzandim O‘zbekiston faxri”, “Maqom kechalari” kabi o‘nlab bayram tadbirlari, madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, xayriya kontsertlari o‘tkaziladi.
    Tadbir davomida festival o‘tkazish bo‘yicha targ‘ibotchilarning hamda hududiy bo‘lim xodimlarining fikr-mulohazalari tinglandi. Ular asosida qo‘shimcha chora-tadbirlar tuzilib, asosli takliflar inobatga olinishi bildirildi. Shuningdek, barcha o‘z ishiga masʼuliyat bilan yondashishi, har bir ishga daxldorlik hissini tuygan holda faoliyat olib borish kerakligi taʼkidlandi.

Axborot xizmati

← Нашрлар рўйхатига қайтиш