“Uchinchi Renessans – maʼrifatli jamiyat sari!” konferensiyasi

19.05.2023
 

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat va notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Buxoro viloyat hokimligi hamkorligida joriy yilning 18-20-may kunlari ilm-ma’rifatning qadim o‘chog‘i bo‘lgan Buxoro shahridagi Mir Arab Oliy madrasasida “Uchinchi Renessans – maʼrifatli jamiyat sari!” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bu boradagi ishlarning tadrijiy davomi bo‘ldi.

 

 

 

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 - 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” yo‘nalishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlаsh, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida olib borilayotgan ishlarni yoshlar orasida keng targ‘ib yetish hamda ta’lim muassasalarida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatli, bilimli kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.

 

 

Dastlab, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatovning konferensiyaga yoʻllagan videomurojaatida bugungi ilmiy-amaliy anjumanning ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib oʼtdi:

 

 

Renessans — uyg‘onish ma’rifati, yangi taraqqiyotning umummilliy harakati. U nasib etsa, millatning bunyodkor qudratini uyg‘otuvchi, ulug‘ siymolar, XXI asrning barkamol shaxslarini tarbiyalab, yuzaga chiqaruvchi, gumanistik to‘lqinga aylanadi. Biz bugun hayotimizda ana shu to‘lqin epkinlarini sezmoqdamiz, unga kuch berish esa har birimizga bog‘liq, dedi Minhojiddin Hojimatov. Shuningdek, tarix fanlari instituti direktori Azamat Ziyo ham “Uygʻonish davr ma’rifati” mavzusida qisqa videomurojaat yoʻlladi.

 

 

 

 

 

Tadbirda Siyosiy fanlari doktori, professor Narzulla Jo‘rayev so‘z olib, “Uyg‘onishning yangi davri”, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova “Jamiyat va fan: ob’yektiv reallik va yuksalish sari” mavzularida ma’ruza qildi.

 

 

 

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish uchun aynan Buxoro viloyati tanlab olingani bejiz emasligini, Buxoro tarixda o‘chmas iz qoldirgan allomalarga beshik bo‘lganini, kelajakda ham bu zamindan ana shunday iste’dodlar yetishib chiqishiga ishonishini bildirdi.

 

 

 

 

 

 

Konferensiyada Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 100 nafardan ortiq olimlar, professor, dotsentlar hamda hududlardan turli soha mutaxasislari ZOOM dasturi orqali qarib 200 nafar ziyolilar ishtirok etdi.

 

 

 

 

Mazkur anjuman respublikamiz bo‘ylab faoliyat yuritayotgan ziyolilar uchun jonli muloqotni amalga oshirish, ular bilan tajriba almashinish uchun ma’naviy maydon vazifasini bajaradi. Konferensiya oʼz ishini sho‘balarga boʼlingan holda davom ettirdi.

 

 

 

 

 

 

 

 

“Ma’rifat” targʻibotchilar jamiyati Axborot xizmati

← Нашрлар рўйхатига қайтиш