BAXTLI BOLALIK SHARAFIGA
Bolajonlarning beg'ubor kulgusida olamning sehrli jilolari yashirin. Ularning shodon chehrasi butun borliqqa baxtiyorlik rangini ulashishga qodir. Shu boisdan bo'lsa kerak, ularga boqqan insonning qalbiga yoqimli hislar inadi.

Poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi san’at saroyida 1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Baxtli bolalik sharafiga” deb nomlangan badiiy-musiqiy teatr tomoshasi o‘tkazildi. Tadbir Oliy Majlis huzuridagi nodavlat va notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati bilan hamkorligida tashkil etildi.


Tadbirni "Guldasta" bolalar raqs guruhining bayramona raqsi ochib berdi. "Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a'zolari, "O‘zbekiston kino arboblari uyushmasi" a'zosi, aktrisa Barno Qodirova va "Muqimiy" nomidagi O'zbekiston davlat musiqali teatri aktyori Rasulxon Qodirxonov so‘zga chiqib, bolajonlarni beg‘uborlik tark etmasligini tilab, yurtboshimiz va barcha ota-onalar ularga qattiq ishonishini, Vatan kelajagi ularga bog‘lik ekanini, shu bois puxta bilim olishlari, ajdodlarga munosib avlod bo‘lishi zarurligini ta’kidlashdi. Shuningdek, Barno Qodirova tomonidan mashhur bolalar filmlari va multfilm qahramonlari gavdalantirildi. Shundan so‘ng, bolajonlar uchun ajoyib badiiy-musiqiy teatr tomoshasi ijro etildi.
Mazkur bayram tadbiri Toshkent shahri va viloyatlarda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar vakillari va ularning farzandlarini ma'naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan bo'lib ijro etilgan musiqali teatr bolajonlarni quvonchiga quvonch qo‘shdi.



















"Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati Axborot xizmati