BIRDAMLIK VA BARDAMLIK BAYRAMI

Bayram soʻzini eshitgan zahoti inson qalbida xushnudlik, tabassumli ochiq chehra, ajib tuygʻular kechadi. Bayram soʻzi birdam va bardam soʻzlariga hamohang va qofiyadoshligi nuqtayi nazaridan emas, balki mohiyat eʼtibori bilan ularga bogʻlanib keladi. Har qanday bayram birdamlik, bardamlik va hamjihatlikka mezondir. Dini, tili, millati, irqidan qatʼiy nazar oʻzaro doʻstlik va mehribonlik rishtalarini mustahkamlash asnosida bir dasturxon atrofiga jamuljam boʻlishning oʻzi goʻzal manzara. Ayniqsa, buning yaqqol ifodasini navroʻz – umumxalq bayrami arafasida koʻrish mumkin. Aslida, tinchlik va doʻstlikning tarannumi ushbu bayramda oʻzining tarovatini toʻla namoyish etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida xuddi shu ruh va mazmun hukmrondir. Qarorda qayd etilganidek, «Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, doʻstlik va birodarlik tuygʻularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishda Navroʻz bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda. «Navroʻz – doʻstlik xursandchilik, muruvvat va saxovat bayramidir. Uning taʼrifi va tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, uzoq davrlarga borib bogʻlanadi.
Qalblarni, ellarni bir-biriga yaqinlashtiradigan xushnudlik bilan oʻtkaziladigan bayram ekani borasida Avesto, Afrosiyob va boshqa qadimgi bitiklarda oʻz ifodasini topgan. Sharq mutafakkirlarining aksariyati bu bayramni ulugʻlab asarlar yozganlar. Muhammad Muso al-Xorazmiy “Kitob surat ul-arz”, Abu Bakr Narshahiy “Buxoro tarixi”, Abu Rayhon Beruniy “Osor ul-boqiya”, Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”, Hakim at-Termiziy “Navroʻznoma”, “Solnoma”, Abu Bakr al-Xorazmiy “Risolalar”, Umar Xayyom “Navroʻznoma”, Lutfiy “Gul va Navroʻz” va boshqa shu kabi koʻplab ulugʻ ajdodlarimiz asarlarida bu kun, uning kelib chiqishi, xosiyati, ahamiyati, bayram sifatida ulugʻlanishi, tarixi, qaysi xalqlar tomonidan qanday nishonlanishi haqida turfa maʼlumotlar saqlanib qolgan.
Umar Xayyom “Navroʻznoma” asarida bu kunning paydo boʻlishi va bayramga aylanishi haqida shunday deb yozadi: “Isfandarmuz oyida mevali daraxt va oʻsimliklar koʻkara boshlaydi. Oftob bu oyda oxirgi Hut burjiga yetib keladi. Kayumars vaqtni oʻn ikki boʻlakka boʻldi va yil hisobining boshlanishini belgiladi. Bu orada tarixdan bir ming qirq yil oʻtdi va oftob Farvardinning birinchisida toʻqqizinchi burj (Qavs)ga kirdi. Jamshid podshohligining toʻrt yuz yigirma birinchi yili oʻtgach, bu davr tugadi va quyosh oʻz Farvardinida Hamalning boshiga qaytib keldi. Shunday qilib, dunyo muvozanatga keldi. Kun bilan tun tenlpshdi.Biz eslatgan bu kunda u bayram tashkil qildi, unga «Navroʻz” deb nom berdi va odamlarga har yili Farvardin kelganda bayram qilishni va oʻsha kunni Yangi (yil) deb hisoblashni, quyosh turgancha Navroʻz ham barqaror boʻlsin, deb buyurdi».
Navroʻzning nihoyatda qadimiyligini va bu bayramning sharq xalqlari hayotida muhim oʻrin tutishini yana bir ulugʻ ajdodimiz Abu Bakr Muhammad Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida ham eʼtirof etadi. U Buxoro yaqinidagi Varaxsha qalʼasi haqida maʼlumot berar ekan, shunday deb yozadi: “Bu yerda har oʻn besh kunda bir kun bozor boʻladi, yilning oxirida esa odamlar yigirma kun bozor qilib, yigirma birinchi kuni Navroʻz — yangi yil bayramini oʻtkazadilar. Buni «Navroʻzi kishovarzon” — “Dehqonlar navroʻzi” deydilar. Buxoro dehqonlari (yil kunlari) hisobini oʻsha kundan boshlaydilar va bunga eʼtibor beradilar. Otashparastlarning navroʻzi undan besh kun keyin keladi»...
Demak, Navroʻz — yangi kun, tabiatning uygʻonish ayyomi sifatida barcha davrlarda ulugʻlanib kelgan. Dehqonlar bu kunni oʻz faoliyatlarining boshi, ekinlar ekishning boshlangʻich kuni deb qaragan boʻlsalar, olovni ilohiy kuch deb bilgan zardushtiylar “Bu ilohiy kuch Quyoshning bir parchasi, Quyosh esa «Ollohning jamoli”, kunu tunning teng kelishi Ollohning qudrati» deya ulugʻlaganlar va bu kunni oʻz dinlarining asosiy bayrami sifatida nishonlaganlar. Otashparastlar navroʻzi dehqonlar navroʻzidan besh kun keyin kelishi haqida esa yana bir ulugʻ muarrix Abul Hasan Nishopuriy “Xazoyin ul-ulum” asarida boshqa bir maʼlumotni ham keltiradi. Maʼlumki, Siyovush otasi Kaykovus yonidan uzoqlashib Afrosiyob huzuriga keladi. Afrosiyob unga qizini va mulkidan bir qismini beradi. Siyovush Buxoro hisorini bunyod qildiradi. Lekin Afrosiyob yomon odamlar qutqusi bilan Siyovushni oʻldirtiradi. Uni oʻzi bino qildirtirgan Buxoro hisorining ichiga “Darvozai gʻuriyon” deb atalgan darvoza yaqiniga dafn qilishadi. “Shu sababli Buxoro otashparastlari oʻsha joyni aziz tutdilar, — deb yozadi muarrix, — va unga atab har bir erkak kishi har yili Navroʻz kuni quyosh chiqishidan oldin oʻsha joyda bittadan xoʻroz soʻyadi. Buxoro aholisining Siyovush oʻldirilishiga bagʻishlab aytgan marsiyalari boʻlib, u barcha viloyatlarda mashhurdir. Qoʻshiqchilar uni «otashparastlar yigʻisi” deydilar. Bu gaplar boʻlganiga hozir uch ming yildan ortiqroq vaqt oʻtdi».
Bu maʼlumotlar Navroʻzning bayram sifatida nishonlanib kelinayotganining oʻzi 4-5 ming yillik, balk undan ham uzoqroq tarixdan guvohlik beradi. Bu tarixiy maʼlumotlar Navroʻz bayramining nafaqat qadimiyligini, balki uning tub ildizlari, kelib chiqishi yurtimiz bilan bogʻliqligini ham isbotlaydi. Navroʻz barcha davrlarda buyuk qadriyat sifatida ulugʻlanib kelgan.
Navroʻz tarovatiga doir ikkita badiiy asos fikrimizga dalildir. Mutasavvuf shoir Farididdin Attor “Gul chehrasida nasimi Navroʻz xushdir, Gulshan aro ruxsori dilafroʻz xushdir.”, deb yozsa, ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy «Zulfu ruxsor ila komingga meni yetkursang, Har tuning qadr oʻlubon, har kuning oʻlsin Navroʻz,”-deydi.
Magʻribzamin mutafakkirlari ham bunga befarq qarashmagan. Qadimgi yunon olimi Strabonning yozishicha, ikki daryo oraligʻida istiqomat qilgan ajdodlarimiz Navroʻz kuni otashkada, yaʼni olovga topiniladiganibodatxonalarda toʻplanishgan va yilboshining 12 kun davomida tantana qilishgan. Bayramda har bir kishining ustiga quyosh nuri tushishi uning yil boʻyi toʻkin-sochin, barakali hayot kechirishidan darak beradi, deb qaralgan. Bayram tantanalari dala ishlarining boshlanishi bilan oʻz nihoyasiga yetgan.
Xitoylik muarrix Vey-Sze qadimgi samarqandliklarning Navroʻz bayrami haqida shunday yozadi: “Oltinchi oyning birinchi kuni ularda yilboshi hisoblanadi”. Oʻsha kuni podshoh ham, xalq ham oʻzlarining yangi liboslarini kiyadilar, ular shaharning kunchiqar tarafidagi bir daraxtzor yonidagi maydonda toʻplanishib, bayram qiladilar. Navroʻzni aslida Markaziy Osiyoda yashagan qadimgi ajdodlarimiz inkishof etgan desak, xato boʻlmaydi.
Navroʻz bayrami qadimgi ajdodlarimiz tafakkurining mahsuli ekanligini tasdiqlaydigan yana bir muhim dalil, Fargʻona vodiysidan topilgan qoyatosh suvratlaridagi mavsumiy marosimlarga oid chizgilardir. Maʼlumki, Fargʻona vodiysining togʻli xududidagi Koʻgart dovoni yaqinida, Saymalitosh degan joyda koʻplab qoyatosh suvratlari, petrogliflar aniqlangan.
Qadimgi fargʻonaliklarning yil fasllari va quyoshning yillik harakatini kuzatishga asoslangan astronomik kuzatishlarini oʻzida aks ettirgan Saymalitosh suratlari miloddan avvalgi III ming yillikdayoq yaratila boshlangan, deb hisoblaydi. Saymalitosh suvratlari oʻziga xos rasadxona vazifasini bajargan boʻlib, quyoshning chiqishi va botishiga asoslangan vaqt hisobini aks ettirgan.
Suvratlardan birida, ikkita hoʻkiz, ularning atrofida 12 ta odam, kecha va kunduzning 12 soatdan iobratligini, yaʼni kuzgi va bahorgi teng kunlikni anglatadi. Chunki dehqonchilik bilan shugʻullanib kelgan Oʻrta Osiyo xalqlari yil boshi–Navroʻzni 21-martdan boshlanadi, deb hisoblaydilar va bahorgi teng kunlikdan dala ishlarini boshlaydilar. Abu Rayhon Beruniy fikricha, Navroʻz shoh Jamshidga bogʻlanadi: “Jamshid oʻziga arava yasab olgach, oʻsha kuni aravaga chiqib oldi, jinlar va shaytonlar uni havoga koʻtarib, bir kunda Dunbovanddan (Damovand togʻi) Bobilga olib bordilar. Odamlar bir ajoyib voqeani koʻrgach, oʻsha kuni bayram qildilar va «Jamshidning (aravada uchishiga) taqlid qilib argʻimchoqlarda uchdilar”.
Demak, oʻziga xos uzoq va boy tarixga ega boʻlgan Navroʻz saodat va baraka kaliti boʻlgan desak, yanglishmaymiz.
Mehr-muruvvat fazilatlarini mustahkam tutish xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan. “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida ham doimiy tarzda bayram arafasida faxriylarni yoʻqlash, yordam va koʻmakka muhtoj fuqarolarga begʻaraz yordam koʻrsatish, xayriya tadbirlari uyushtirish anʼana tusini olgan. Ana shu harakat allaqachon boshlab yuborildi. Universitetimizga biriktirilgan mahallalarda yashaydigan turli millat vakillari holidan xabar olish, osh tarqatish ishlari, tansiq taomlarni ilinish totuvlik va ahillikning yaqqol ifodasidir. Universitetimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Asaka”, “Darxon”, “Lashkarbegi”, “Mirzakalon Ismoiliy”, “Mustaqillik”, “Nur”, “Oqibat”, “Oqqoʻrgʻon”, “Hamid Olimjon”, “Shahrisabz” mahallalari bilan hamkorlik aloqalari muntazam yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa oʻz hayotidan mamnun boʻlgan yurtdoshlarimiz qalbida vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusini uygʻotibgina qolmay, Navroʻz ayyomiga xos yangilanish va bunyodkorlik ruhini, ona zaminga mehr va eʼtibor, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlikni ifoda etadigan, kishilarni bugungi tinch va farovon hayotni qadrlab, atrof-muhit hamda uning neʼmatlarini asrab-avaylashga boʻlgan mehrini kuchaytirishi tabiiy.
“Badanning quvvati taom bilan, ruhning quvvati kalom bilan” degan hadisnamo oʻgit bor. Navroʻzning goʻzalligi faqat tansiq taomlar bilangina emas, balki koʻzlarni quvnatib dillarni yayratuvchi tomoshabop sanʼatlar bilan hamdir. Uning sayil tarzida tashkil etilishida hikmat bor. Folklor – etnografik ansambllarning, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar va baxshilar, shuningdek, isteʼdodli anʼanaviy ijrochilar va estrada artistlarining chiqishlari ayniqsa, bayramga zeb beradi. Qadimiy urf-odatlarimizning saqlanib qolishi, rasm-rusumlar turli viloyatlarda turlicha. Har bir viloyat aholisining urf-odatlari, mahalliy taomlari, lapar va oʻlaylar, xalq oʻyinlaridan tarkib topgan tomosha sanʼatlari Milliy tadqiqot universitetimiz fakultetlari talabalariga boʻlib beriladi. Ular bu vazifani gʻaroyib tarzda sharaf bilan uddalashadi.
Tabiat va jamiyatning bir butunligisiz hayotni tasavvur etish qiyin. Tabiat ham, jamiyat ham oʻz ehsonlarini yoyadigan bayram Navroʻzning koʻrki, fayzi oʻzgacha. Yangi Oʻzbekistonning shukuhi yangi kun – navroʻzning ruhi bilan uygʻun. Kunning bezagi quyosh boʻlsa, tunning bezagi oy va yulduzlar. Kun va tunning teng kelish Navroʻzga toʻgʻri kelsa, eng qisqa kunduz va eng uzun tun yaldo kechasi. Lekin eng yaxshi kun sifatida Navroʻz ulugʻlansa, eng goʻzal kecha sifatida Qadr kechasini eʼtirof etilishi diniy-dunyoviy taʼlimotda bir xil. Shuning uchun ham Alisher Navoiy “Har tuning Qadr oʻlubon, har kuning oʻlsun Navroʻz”-deya bejiz eʼtirof etmagan.
Shuning uchun ham Prezident qarorida mamlakatimizda “Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuksak saviyada nishonlanishi topshiriq sifatida qayd etilgan.
Har qanday bayram tadbirlariga maʼrifat ruhi, maʼnaviyat ozigʻi singdirilishi tabiiy. Tadbirlar doirasida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalar uyushtirish, kitob rastalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil qilish, koʻklam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yoʻlga qoʻyishmasalasi qarorda taʼkidlangan. Bu jarayon oʻziga xos mablagʻlar talab etishi ham aniq. Mablagʻ zamirida inson qadri va uning dardiga sherik boʻlish, begʻaraz yordam berish ilinji bor. Bu esa yaqinda oʻtkaziladigan referendumdagi bosh maqsad, yaʼni inson - jamiyat - davlat tamoyilining yetakchi ekanligini asoslashga xizmat qiladi.
Olib borilayotgan siyosat va islohotlarning bosh mazmuni va manbai inson omiliga, uning manfaatlariga qaratilgani bejiz emas. Shuning uchun ham Asosiy qonunimiz - Konstitutsiyamizning yangi tahriri xalqchilligi bilan ajralib turishi bejiz emas. Buning isbotini qaysidir maʼnoda soʻz yuritilayotgan Qarorda ham aks etganini sezish qiyin emas. Insonga eʼtiborning ustuvorligini ushbu maʼlumot orqali bilish mumkin. Bu yilgi hasharda 5 mingga yaqin oilalarning uy-joylari taʼmirlab berilishining nazarda tutilgani, buning uchun 1 milliard 300 million soʻmdan ziyod mablagʻ sarflanishi,shuningdek, bir qator xayriya tadbirlarining tashkil etilishi, 2 mingdan ziyod imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz hamda yakka-yolgʻiz keksalar holidan xabar olinishi, 7 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam koʻrsatilishi, buning uchun jami 2 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻning yoʻnaltirilishi yuqoridagi muohazalarimizga asos boʻla oladi.
Xullas, Navroʻz hayot abadiyligini, tabiatning yasharish, yangilanish qudratini, saxovatini, ajdodlarimizning oʻlmas merosi boʻlgan urf-odatlarimizni, qadriyatlarimizni namoyon etuvchi bayram sifatida yashab kelaveradi. Muhimi, unda xalqimizga, millatimizga xos yuksak insoniylik, mehr-muruvvat, oqibat, saxovatpeshalik, bagʻrikenglik, samimiylik kabi qadriyatlar mujassam.
Oʻzaro ishonch, koʻmak, saxovat va imkoniyat ulugʻ maqsadlar sari eltadi. Mehr-muruvvat bor joyda baraka boʻlishini bilgan, qadrulabad tuygʻularga, olijanob fazilatlarga ega boʻlgan xalqimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, bunyodkorlik ishlariga astoydil bel bogʻlayotganini Yangi Oʻzbekiston ruhi va shukuhini his etib Uchinchi Renessansning bunyodkori boʻlayotgan yosh avlodga umid bogʻlaganining yaqqol ifodasidir.
Rahimboy Jumaniyozov
"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Matbuot ximzati rahbari, professor
"Ma'rifat" targ‘ibootchilar jamiyati a'zosi