OʻZBEKISTON: KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOT YOʻLIDA

Oʻzbekiston konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda katta tajribaga ega. Xususan, Harakatlar strategiyasida koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida 7-marta Konstitutsiyaning 21 moddasiga 32 ta oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilgan. Xususan, ular parlament, Prezident va hukumat faoliyatiga, sud hokimiyatining mustaqilligi va rivojlanishiga, hokimiyat tarmoqlari oʻrtasida oʻzaro nazorat va muvozanatni saqlash tizimiga, saylov tizimini demokratlashtirish va mahallaga tegishli boʻlgan.
Konstitutsiyaviy tuzum, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy sohalarni tubdan rivojlantirish, yangi Oʻzbekistonni bunyod etish, erkin va odil fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan oʻzaro bogʻliq va shartlangan demokratik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chuqur islohotlarni konstitutsiyaviy taʼminlashga alohida eʼtibor berilgan.
Shu bilan birga, globallashtirish, raqamlashtirish, iqlim oʻzgarishi davri va jadallik bilan oʻzgarib borayotgan hayotiy voqelik mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash boʻyicha oʻta muhim va dolzarb boʻlgan yangi, kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni qoʻymoqda.
Shu tariqa, Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy taraqqiyoti umumjahon konstitutsiyaviy islohotlari yoʻlidan ketmoqda. Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” kitobida demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi yanada jiddiy vazifalar qoʻyilgan. Ular qonunchilik hamda huquqni anglash va qoʻllash tizimini, jamiyatning siyosiy-huquqiy ongini umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yoʻnaltiradi. Yangi Oʻzbekistonga muvofiq keladigan yangi konstitutsiyaviy prinsip va normalarni belgilash koʻzda tutilgan.
Avvalo, bu “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga tatbiq etishga tegishlidir. Bunda inson qadri — mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayotni, fundamental huquq va erkinliklari, malakali tibbiy xizmat, sifatli taʼlim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sogʻlom ekologik muhit taʼminlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatadi.
Prezidentimiz: “Atoqli davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning “Yaxshi boʻlish uchun — oʻzgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi boʻlish uchun esa yanada koʻproq oʻzgarish kerak”, degan soʻzlarida, oʻylaymanki, teran hayotiy maʼno mujassam”, deya urgʻu berdi. Darhaqiqat, jadal oʻzgarib borayotgan zamona zamonaviy talablarga javob beradigan Konstitutsiyaga ega boʻlish uchun muvofiq xatti-harakatlar va oʻzgarishlarni talab qiladi.
Umuman olganda, konstitutsiyaviy islohotlar aholi farovonligi va mamlakat ravnaqini yanada yuksaltirishga, uning iqtisodiy qudratini va dunyodagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
SHAYMARDONOV SHAXBOZ
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi,
"Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a'zosi