Yangi Oʻzbekiston yoʻlida birlashamiz.

Bugungi kunda yangi Oʻzbekiston islohotlari bilan bir qatorda konstitutsiyamizga ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishbilan bogʻliq islohotlar amalga oshirilmoqda. Unda «Inson qadri uchun» degan ezgu gʻoyani roʻyobga chiqarish maqsad qilingan. Konstitutsiyamizni takomillashtirish boʻyicha mamlakatimiz kelajagi, taraqqiyotiga va taqdiriga befarq boʻlmagan fuqarolar tomonidan bugungi kunga qadar 48 ming 492 ta taklif kelib tushgani, ushbu takliflarning 70 foizini yoshlar tomonidan bildirilganligi alohida eʼtirofga loyiq.
hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili boʻlgan «Inson – jamiyat – davlat» degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarurligi, yaʼni, insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishining nazarda tutilganligi xalqimiz manfaatlarini himoya qilishi bilan eʼtiborlidir.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi. Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgan boʻlsa, ularning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy oldi, desak toʻgʻri boʻladi. Jumladan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga koʻpaymoqda, amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Shu bois, kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, koʻlami va hajmidan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida» deb oʻzgartirildi. Aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, yaʼni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bogʻliqdir. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi boʻlmish parlamentning rolini va oʻrnini, masʼuliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli taʼminlanishiga xizmat qilishi shubhasiz. Bugun barcha sohalarda olib borilayotgan ishlarning hammasi yurtimiz tinchligi va ravnaqi yoʻlida olib borilmoqda. Shunday ekan, biz mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun har doim davlat rahbariga kamarbasta boʻlib, bir maqsad – Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida birlashamiz.
Saida Nasimxonova
«Shuhrat» medali sohibasi,
«Maʼrifat» targʻibotchilari jamiyati aʼzosi