“Konstitutsiyaviy islohotlar – zamon talabi”
Inson hayoti taraqqiy etgani sari inson huquqlarini va turmush farovonligini taʼminlovchi huquqiy normalar ham davr talablariga moslashtirilib borishi tabiiy holdir. Chunki yangi hayotni oldingi davr talablari va huquqiy normalari asosida qurib boʻlmaydi. Shuning uchun biz ham bugungi hayot talabiga binoan Bosh Qomusimizga zarur boʻlgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishimiz lozimdir.
Aminmizki, yangilangan Konstitutsiya ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishda, turmush farovonligini oshirishda, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishda, shuningdek hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda mustahkam asos boʻladi.
Yangilanayotgan Konstitutsiya Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida xalqimizni jipslashtirish, jamiyatimiz hayotining barcha yoʻnalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yoʻlida eng muhim huquqiy poydevor boʻlib xizmat qilib, yurtimiz taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi. Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi Konstitutsiyaviy islohotlardan xalqimiz katta oʻzgarishlar kutayotganligini koʻrsatadi.
Konstitutsiyaga tegishli ekologik-huquqiy normalarni, jumladan davlat tomonidan Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimining himoya qilinishi va tiklanishi, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish boʻyicha zarur choralar koʻrilishi kabi masalalarning kiritilishi xalqimiz salomatligini taʼminlashning kuchli huquqiy tayanchi boʻladi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu, ayniqsa, Orolboʻyi mintaqasida yashovchi aholi uchun quvonarlidir.
Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishoradir. Aholimizning 18 milliondan ortigʻi yoshlar ekanligi, ushbu koʻrsatkich 2040-yilga borib, 25 millionga yetishini hisobga olinib, Konstitutsiyaga yoshlar masalasiga alohida bob kiritilayotgani alohida ahamiyatga egadir.
Shuningdek, Konstitutsiyamizda taʼlim, ilm-fan va inson kapitalini rivojlantirish, maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, bepul boshlangʻich professional taʼlim kabi muhim masalalarning yangi tahrirda kiritilishi ham ushbu sohalarni Yangi Oʻzbekistonga mos ravishda taraqqiy ettirishimizni taʼminlaydi.
Bir soʻz bilan aytganda, Yangilangan Konstitutsiya inson manfaati hamma narsadan ustun boʻlgan yurtimizning yangi zafarlar, yangi choʻqqilarga koʻtarilishida mustahkam huquqiy poydevor boʻlishi aniq.
Bayriyeva Almagul
"Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a'zosi