YANGI O‘ZBEKISTONNING YANGI KONSTITUTSIYASI!

 

Konstitutsiya — davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi.

Bugungi kunga kelib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimiz uchun bir qancha shart-sharoitlar yaratib berildi . Jumladan har bir shaxs toʻlaqonli erkin soʻzlash huquqiga ega boʻldi. Jamiyatning asosi davlat emas , inson huquqi etib belgilandi . Yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek: “INSON DAVLAT UCHUN EMAS, DAVLAT INSON UCHUN ISHLAYDI“.

2022-yilning may oyi xalqimiz hayotida oʻziga xos voqelikka ega boʻlgan oy sifatida tarixga muhrlandi. Boisi 17-may kuni mamlakatimiz parlamentida eng koʻp deputatlik oʻrniga ega boʻlgan ikki siyosiy partiya – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tashabbusini ilgari surishga qaratilgan qoʻshma yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, 2022- yil 20-may kuni Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qoʻshma majlisi oʻtkazilib, yigʻilishda Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish katta kuch va masʼuliyat talab qilishi bunda har bir fuqaro fikrlarini tinglash zarurligi qayd etilib, ushbu vazifalar bilan shugʻullanuvchi Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etildi.

 

Konstitutsiyani takomillashtirish uchun fuqarolarga oʻz takliflarini bildirishning bir necha koʻrinishdagi imkoniyatlari yaratildi. Jumladan, ayni kunda yurtdoshlarimiz Meningkonstitutsiyam.uz portali hamda maxsus Telegram-bot va koll-markaz orqali takliflarini bildirishlari mumkinligi aytilib oʻtildi. Sababi, ushbu tashabbus minglab fuqarolarimiz koʻnglidagi oʻzgarish va islohotlarga zamin yaratib berishi bilanahamiyatlidir. Barchamizga maʼlumki, inson ulgʻayib, tafakkur dunyosi kengaygani sari uning oʻziga boʻlgan talabi ham ortib boradi. Oʻtgan yillar davomida jamiyatimiz va unda ilgari surilayotgan gʻoya va tashabbuslarda xalqimizning ishtiroki va ular tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarining ahamiyati har tomonlama ortdi. Buning natijasida jamiyatimizning ham islohot va oʻzgarishlarga boʻlgan talabi kun sayin ortmoqda.

 

Bugunda esa fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asnosida qabul qilinishi belgilangan qonun va qarorlarimiz yanada takomillashtirilib, Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan xalqchil moddalarga moslashtirilgan holda qabul qilinmoqda.

 

“Bosh qomusimizni takomillashtirish yuzasidan bildirgan har bir fikri va takliflarini toʻlaqonli oʻrganib chiqqan holda Komissiya aʼzolarigacha yetib kelishini taʼminlashimiz darkor.Zero, hozir xalqimiz muallifligida ishlab chiqiladigan Yangi Oʻzbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirish yoʻlida qabul qiladigan qonunlarimiz uchun yoʻlchi yulduz boʻlib xizmat qilishi shubhasiz , “ – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov. Bundan tashqari , Konstitutsiyaga kiritilayotgan takliflarga muvofiq , endi Oʻzbekistonda saylash huquqi cheklangan shaxslar boʻlmaydi. Bu qarorning oʻzidayoq inson huquqlarini Yangi Oʻzbekiston uchun qanchalik muhim ekanligini koʻrishimiz mumkin. Yana bir eʼtiborga loyiq yangi qaror ham mavjud: Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasida bugungi globallashuv jarayonida yurtdoshlarimiz va mamlakatimiz manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilgan holda mamlakat taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan alohida ikki yoʻnalish va uning doirasida amalga oshirishga qaratilgan maqsad va vazifalar belgilandi. Jumladan, Harakatlar strategiyasidan farqli ravishda beshinchi – Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish hamda oltinchi – Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish kabi yoʻnalishlar belgilandi.


Galdagi vazifa ushbu yoʻnalish va unda belgilagan maqsadlar bugungi zamonga mos holatda bajarilishiga xizmat qiluvchi qonun va qarorlarning hayotiyligini taʼminlashdir. Bu esa, oʻz navbatida, qabul qilinadigan huquqiy hujjatlarimiz uchun bosh gʻoya boʻlib xizmat qiluvchi Konstitutsiyamizni yangilab, fuqarolarimiz xohish irodasiga moslashtirishni talab etadi.

 

Men Yangi Konstitutsiyamizga kiritilgan har bir qaror va qonunlar oʻta shaffof va adolat bilan qabul qilinayotganidan mamnunman. Yurtboshimiz xalqimiz uchun shunday qulay imkoniyatlarni yaratayotganligining oʻzi Yangi Oʻzbekistonning oldiga qoʻygan maqsadlarining qanchalik mustahkam ekanligini isbotlab bermoqda.


Ahmadjonova Zuhraxon

 O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi,

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

← Нашрлар рўйхатига қайтиш