- Бош саҳифа
- Мақолалар
- Inson, jamiyat, davlat tamoyili o‘z aksini topmoqda...
Inson, jamiyat, davlat tamoyili o‘z aksini topmoqda...

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar negizini inson va uning huquqlari, manfaatlarini roʻyobga chiqarish kabi oliy maqsadlar tashkil etadi. Bu kabi islohotlardan biri bugungi kunda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar ham avvalo inson va fuqarolarning farovon turmush tarzini taʼminlashga, jamiyatimiz va davlatimizni keng miqyosda taraqqiy etishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan tuzatish va qoʻshimchalarda “inson-jamiyat-davlat” tamoyili oʻz aksini topmoqda. Buni biz bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida koʻrishimiz mumkin. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasida avvalo inson huquq va erkinliklari, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalari ustuvorligiga alohida ahamiyat qaratilgan. Muqaddimada keltirilgan “…inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish maqsadi”da ham “inson, jamiyat, davlat” tamoyili aks etgan.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 20-moddasida ham inson huquq va erkinlariga ustuvorlik berilishi aniq keltirib oʻtilgan. Xususan, 20-moddada insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi, insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashi, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi hamda inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilangan.
Demak, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning eng asosiy maqsadi “inson-jamiyat-davlat” tamoyilini amalga oshirishga qaratilgan. Zero, bu maqsadlar Oʻzbekistonda demokratiyani yanada mustahkamlashga, kuchli ijtimoiy siyosatni olib borilishiga asos boʻlib xizmat qiladi.
Fazilova Dilrabo Xudaykulovna
Jizzax davlat pedagogika universiteti
Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish boʻlimi boshligʻi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi