- Бош саҳифа
- Мақолалар
- KONSTITUTSIYADA OILA VA INSON QADRI MASALALARI: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlarga sharh: psixologik yondashuv.
KONSTITUTSIYADA OILA VA INSON QADRI MASALALARI: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlarga sharh: psixologik yondashuv.

Yillar oʻtgan sayin Asosiy Qonunimizning hayotimiz, taraqqiyotimiz uchun ahamiyati katta ekanligiga, Oʻzbekiston davlatining tanlagan yoʻli nihoyatda toʻgʻri ekanligiga qayta – qayta ishonch hosil qilaveramiz. Fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini, tinch totuvligini taʼminlashni asosiy maqsadlardan biri deb eʼlon qilgan Konstitutsiyamiz bosib oʻtgan davriga nazar tashlaydigan boʻlsak, oʻtgan vaqt mobaynida mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilganligiga guvoh boʻlamiz.
Konstitutsiya dogma emas, balki ijtimoiy hayot bilan birga davlat fuqarolarining kelajagi va qadr topib yashashi uchun xizmat qilishining asosiy kafolati sifatida yangi normalarning kiritilishiga ehtiyoj sezadi, albatta.
Davlat rivoji hamda mamlakat aholisining hayoti uchun taʼsir etadigan Bosh Qomusimiz — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga qariyb 30 yildan oshdi.
Maʼlumki, Konstitutsiyaning 14-bobi maxsus oilaga bagʻishlangan. Uning 63, 64, 65, 66-moddalari oila maskanining jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, oila tuzishda tomonlar ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi, ota-onalarning farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashi majburliklari, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi, voyaga yetgan va mehnatga layoqatli farzandlarning ota-onalari haqida gʻamxoʻrlik qilishlari yuzasidan majburiyatlari aniq koʻrsatib berilgan.
Mazkur maqolada biz inson omilining tugʻilishi, yashashining asosiy maskani boʻlgan oila institutiga doir berilgan takliflarni sharhlashni maqsad qildik.
Oila va uning jamiyat hayotidagi oʻrni beqiyos boʻlib, oila – nafaqat bir yurtning, balki umum insoniyatning katta siyosati. Aytish kerakki – davlat siyosati. Donishmandlar taʼkidlagandek: “Millatlar sharafini yuqori martabaga koʻtaradigan narsa millionlar ila sanaladigan askarlar-u, dunyoda eng buyuk va zoʻr boʻlgan kemalar emas, balki eng oz eʼtibor beradiganimiz yo boʻlmasa, hech bir zamon eʼtibor bermasdan qoladiganimiz – oiladir. Oila nizomsiz boʻlsa, uning yomon oqibati butun millatga taʼsir etadi va shu sababdan fazilat yeriga razolat, taraqqiyot oʻrnini tubanlik negiz quradi... Agar bir millatga bunday hol roʻbaroʻ kelsa, u millat kitobining soʻnggi varagʻi osiladi...”
Haqiqatdan mamlakatimizda oila barqarorligi – jamiyat barqarorligi sifatida eʼtirof etilib, shaxsning oilada kamol topishi uchun barcha huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga egadir, deb belgilab qoʻyilgan.
Oila tinch, mustahkam va farovon boʻlsagina, jamiyatda rivojlanish boʻladi. Bu esa oʻz navbatida maʼnaviy va ruhiy muhitning sogʻlomligiga yetarli zamin yaratadi.
63-moddaning amaldagi tahriri bunday: “Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”. Mazkur modda quyidagicha tahrirga oʻtkaziladi:
“Oila jamiyatning tabiiy va asosiy boʻgʻini, aholini saqlab qolish hamda koʻpaytirish negizi sifatida jamiyat va davlatning alohida muhofazasi ostida boʻladi. Nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi. Davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun zarur boʻlgan ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratadi. Davlat koʻp bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini taʼminlaydi”.
Konstitutsiyaning 63-moddasini bu tarzda oʻzgartirilishi oilaning jamiyatdagi asosiy vazifasidan kelib chiqadi. Chunki oilagina jamiyatning kichik guruhi sifatida – “Oila – (ikki kishidan, erkak va ayol)dan iborat boʻlib, keyinchalik reproduktiv vazifa — insoniyatning koʻpayishini tabiiy ravishda amalga oshiradi. Nikoh shubhasiz, milliy qadriyatlarimizga asoslanib, FXDYO (fuqarolik holatlarini qayd etish...) orqali rasmiylashtirilishi, nikohning tartibli boʻlishini taqozo etadi. Shu oʻrinda aytish kerakki, aynan oila mamlakatning fuqarolari uchun eng yaqin maskan boʻlganligi, uning hayotida ruhiy quvvat berishi, oʻz faoliyati (mehnati)dan topayotgan mablagʻlarini shu kichik maskanga sarflash orqali maqsadli va zavqli yashashiga erishishi, hatto umri uzun boʻlishini taʼminlashi hayotda tasdiqlangan. Shu oʻrinda bir statistik maʼlumotni keltiramiz: insonning yolgʻiz yashashi va oilada yashashi uning umri, hayoti sifatiga taʼsiri ilmiy tadqiq etilganda oilasiz yashaydiganlarning umri oilada yashaydiganlarning umri davomiyligidan 25 foizga qisqa boʻlishi tasdiqlangan. Chunki oilada yashash insonni hayotda maqsadi paydo boʻlishiga, oʻzining keraklilik hissi bilan yashashiga, ayniqsa, tugʻilgan farzandi uchun oʻz oldiga yangi-yangi niyatlarni shakllantirishiga taʼsir qiladi. Bu psixologik yondashuv bora-bora daxldorlik hissidan boshlab, mehr, muhabbat, gʻamxoʻrlik, harakat qilish va boshqa qadriyatlarni yuzaga keltiradi. Ayniqsa, oilaning “jamiyat va davlatning alohida muhofazasi ostida boʻladi” normasining qayd etilishi mamlakat fuqarolarining ertangi kunlariga ishonchini yanada mustahkamlaydi, deb oʻylaymiz.
Nikoh qurish majburiy emas — ixtiyoriy ekanligi, tomonlarning — ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanganligini kiritilganligi ham insonni qaysi jins vakili boʻlishidan qatʼiy nazar, uning bu hayotida qadri borligini, uning ham hayoti uchun oʻzi tanlash huquqi kafolatlanganligini bildiradi. Bizning nazarimizda, bu kiritilgan tahrir inson hayoti bir marta berilar ekan, uning tanlash xohishini davlat mustahkamlab qoʻyganligini bildiradi.
Mazkur “Davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun zarur boʻlgan ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratadi” formulirovka har bir oila qurgan yoki oila boʻlib yashayotgan fuqarolarda mamlakati va oʻz davlati uchun bebaho kapital sifatida – inson omili sifatida oʻzini “kimsasiz sahroda emas”, balki oʻz Vataniga suyanishi mumkinligiga ishonchni shakllantiradi.
Ushbu “Davlat koʻp bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini taʼminlaydi” fikrning berilishi ham yuqorida qayd etilgan mushohadalarning mantiqiy davomi deb qabul qilinadi, albatta.
Eʼtiborga molik tomoni shundaki, Konstitutsiyaning tahriridagi varianti 64-moddada ota-onalar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar zimmasiga ham yuklatilmoqda. Bu vazifalar qatoriga bolalarni voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashdan tashqari, ularning taʼlimi, sogʻlom va toʻlaqonli kamol topishi haqida qaygʻurish ham qoʻshilmoqda.
Mazkur tahrirda berilgan qoʻshimchalarda bizning milliy va insoniy qadriyatlarimizning inobatga olinganligi, oila maskanidagi asosiy tarbiyachilar ota-onalardan tashqari, ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning ham masʼulligi kiritilgan.
Maʼlumki, hayotda uchraydigan turli hodisalar, vaziyatlar taʼsirida farzandlarning hayotida ota-onasidan ajralish ularning psixologiyasida xafagarchilik, tushkunlik, kelajak hayotiga ishonchsizlik, alamzadalik tuygʻularini yuzaga keltiradi. Chunki anʼanaga koʻra, oilada farzand tugʻilgach, uning voyaga yetishi, oʻsishi va kamolotga yetishishiga ota-ona masʼuldirlar va bundan oʻz navbatida davlat ham manfaatdor ekanligi qonun etib belgilangan edi.
Lekin hayotdagi tasodiflar sharoitida bolaning yolgʻiz qolib ketmasligi, uning bosuvchi shaxslarning ham masʼulligi kiritilganligi bu insoniylikning yorqin koʻrinishi deb ham baholash mumkin.
Chunki psixologiyadan maʼlumki, “munosabatlar oynasi” hodisasi mavjud. Psixolog olim Erix Fromm aytganidek, “Oʻzaro munosabatlarda yoshi kattalar qanchalik mehr-muhabbatni ifodasalar, kelajak avlod shunchalik bu taʼsirlarni oʻziga singdiradi va oʻz navbatida bu taʼsirlarni boshqalarga uzatadi”. Shuning uchun bu borada saxiylik qilish, bagʻrikenglik nihoyatda zarurdir. Zero, bobolarimiz uch ming yil davomida insondagi odil va ezgu xislatlarni ibrat sifatida koʻrib, ularning ushbu koʻrinishlarini qayd etishgan: “Saxo — bor narsani hech kimdan qizgʻanmaslik; Safo — qalbni kibr-havo, gina-kudurat, qasd-gʻazabdan poklash; Vafo — hamma vaqt xalq xizmatida boʻlish”. Bu sifatlarni har bir inson oʻzida tarkib toptirsa, va oʻz navbatida farzandiga uzatsa, u holda farzandlar, ota-onalar, oilaga yaqin kishilar uchun koʻrsatib oʻtilganlar shak-shubhasiz bajariladi.
Konstitutsiyada bolaning taʼlimi, sogʻlom va toʻlaqonli kamol topishi haqida qaygʻurish ham qoʻshilganligi bu mamlakat kelajagini oʻylashning oliy namunasi etib baholash oʻrinlidir.
Konstitutsiyaning 65-moddasidagi: “Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” degan jumla oʻrniga quyidagilar yozilishi taklif etilgan:
“Bolaning manfaatlari, bolalarning toʻlaqonli, jismoniy, aqliy va madaniy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosidan faxrlanish tuygʻusini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.
Asosiy Qomusimizga taklif etilayotgan yuqoridagi ustuvor jihatlar inson omili, oilani muhofaza qilish va mustahkamlashning eʼtiborli masalalari inobatga olinganligi barcha islohotlar inson uchun ekanligini yaqqol koʻrsatadi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilish taklif etilgan mazkur normalar ijtimoiylashuv maskani hisoblangan oila muhitidagi vazifalarni birgalikda amalga oshirilishida davlatning eʼtiboridan tashqarida emasligini koʻrsatadi.
Shu oʻrinda oʻz fikrimizni bildirmoqchi edik: dunyo tajribasidan koʻrinadiki, hech qaysi davlatning Qomusi inson shaxsiga, uning qadriga nisbatan bunchalik eʼtiborlilik bilan yondashmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahririga kiritilgan takliflarda koʻryapmizki, inson shaxsining goʻdaklik davridan tortib, to qarilik davrigacha, oila davrasidan tortib to faoliyat muhitigacha barcha jihatlarga ahamiyat berilgan.
Maʼlumki, jamiki neʼmatlar orasida eng ulugʻi — insondir. Inson omiliga nisbatan yuksak ishonch, umid baxsh etgan Konstitutsiyaning uzoq yillarga eng zarur, eng insonparvar hujjat boʻlib qolishi, shubhasiz. Zero, Konstitutsiya har qanday davlatning yuzi, uning obroʻ-eʼtibori hisoblanadi. U davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusdir.
Feruza Akramova
psixologiya fanlari doktori, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi,
“Shuhrat” medali sohibasi,