KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR INSON QADRI VA ERKINLIKLARINING IFODASI!

 

Mamlakatimizda inson va uning qadri har narsadan ustunligi amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidan yaqqol sezilmoqda. Hademay hududlarda referendum jarayonlari boʻlib oʻtadi. Bu esa oʻz navbatida xalqimizning necha yuz yillik orzu-umidlariga qanot bagʻishlaydi.

 

Har bir fuqaro shaxsiy huquq va erkinliklaridan foydalanib, yangi qabul qilinajak qonunlarning ijrosi uchun oʻz hissasini qoʻshadi. Bu degani – ijtimoiy kelib chiqishi, millati, tili va dinidan qatʼiy nazar yurtimizning har bir fuqarosiga minbar beriladi.

 

Shu zaminda yashayotgan har bir shaxs bu kabi islohotlardan kuch olib, mamlakatimizda inson va uning qadri yuksalayotganidan ruhlanib, yanada shijoat bilan mehnat qilishga, kasb va bilim choʻqqilarini egallashga intiladi. Referendum jarayonlariga taqdim etiladigan loyihalar bilan tanishib, shunga amin boʻldimki, mazkur jarayon faqat va faqat xalqimizning manfaati, tinch va farovon, osoyishta hayoti uchun qilinayotgan ezgu amallardan yana biri ekan. Konstitutsiyamizdagi mavjud moddalarga qoʻshimchalar kiritilishi, oʻlim jazosining qatʼiy tartibda bekor qilinganining mustahkamlanishi ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir samarasidir.

 

Shuningdek, aybi isbotlanmagan shaxslar sud qarorisiz 48 soatdan ortiq vaqt mobaynida ushlab turilmasligi ham inson qadriga nisbatan cheksiz gʻamxoʻrlikni ifodalamoqda. Xalqimiz oʻz dunyoqarashi, ulkan tafakkuri bilan mazkur siyosiy jarayonda faol ishtirok etishadi. Shak-shubhasiz, ular soʻz erkinligi, demokratiyaning neʼmatlaridan foydalanib, ota-bobolarimizning necha yuz yillik orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarishadi. Zero, inson va uning qadri ulugʻlanadigan jamiyatda har bir shaxs baxtli va farovon hayot kechiradi. Referendum jarayonlari – orzu-niyatlarimizni amalga oshirish uchun berilgan yana bir imkondir. Bu jarayonda barchamiz faol qatnashaylik!

 

Shoira To‘lagnova
jurnalist, "Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a'zosi

← Нашрлар рўйхатига қайтиш